Favqulodda vaziyatlar vazirligi Qozog‘istondagi fojiada halok bo‘lgan yurtdoshlarimizning ro‘yxatini e’lon qildi. Ro‘yxatni ko‘rib, yurak-bag‘rim yana qon bo‘ldi. Albatta har bir vafot etgan shaxsning dog‘i barchamiz uchun yuk, lekin halok bo‘lganlar orasida ota-bola, aka-ukalarning borligi qalbimizni battar tirnayapti.
Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidan ota-bola – 1970 yilda tug‘ilgan Ma’rifjonov Adhamjon (48 yosh) hamda ularning farzandi Avazbek (21 yosh) ham halok bo‘libdi.
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidan aka-ukalar Madraximov Xamidullo (32 yosh) va Xabibullo (27 yosh) bu yorug‘ olamni erta tark etishdi.
Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidanhgi Muxsinjonovlar oilasida ham yana bir aka-ukalar Turdiali (24 yosh) va Abdulboqi (22 yosh) ham endi oramizda yo‘q.
Qanday fojia yuz berganini his qilib ko‘ryapsizmi o‘zi?
Qanchadan-qancha oila suyangan tog‘i, oila boshisini yo‘qotdi. Qanchadan-qancha ota-onalar navqiron, ayni kuchga to‘lgan farzandu jigarbandidan ayrildi. Vodiy uzra motam qora buluti kezib yuribdi…
Ijtimoiy tarmoqlarda bularga kim aybdor, degan savollarni ko‘p berishmoqda. Ayrimlar ishsizlikdan tortib, bilet narxlarigacha, qishloqlarda sharoit yo‘qligidan tortib marhumlarning o‘zlarini ham aybdor qilib ko‘rsatishgacha borishyapti.
Lekin mendan so‘rasangiz, bularga asosiy aybdor sifatsiz ta’lim tizimi, deb javob beraman.
Ishsizlik ko‘pmi? Chunki, ta’lim tizimimiz yangi ish o‘rinlarini ochadigan, innovatsion g‘oyalar, tashabbuskorlik bilan yashaydigan har tomonlama yetuk kadrlar yetishtirib bera olmayapti.
Tadbirkorlarimiz rivojlanmayaptimi? Chunki, ta’lim tizimimiz tadbirkorning yuragi bo‘lgan kuchli menedjerlar, marketologlar, uzoqni ko‘ra oladigan moliyachilarni yetishtirib bera olmayapti.
Korrupsiya kuchlimi? Chunki ta’lim tizimimizning boshlanish bulog‘i korrupsiyadan boshlanadi. Bog‘chaga bolangizni qo‘yishdan pul bilan boshlaganingizdan keyin u toki institutni tugatib diplom olgungacha qanchadan-qancha qorni qappaygan vijdonsiz rahbarlarning cho‘ntagini boyitishingiz kerak.
Chetda mardikorlik qilishyaptimi? Chunki ta’lim tizimimiz zamonaviy mehnat bozori talablariga javob bera oladigan, raqobatbardosh kadrlar tayyorlab bera olmayapti. Bizning ta’limdan chiqqanlarning ko‘pchiligi (hammasi emas) nari borsa ko‘cha supurish yoki qurilish qilishga yarayapti xolos.
Xo‘sh, yana qaysi soha kerak? Yurtimizda malakali shifokorlar kammi? Chunki tibbiy ta’lim chirib bitgan.
Yurtimiz o‘z tabiiy boyliklaridan maqsadli foydalana olmayaptimi? Chunki neft-gaz, geologiya va shu kabi sohalarda pichoqqa ilinadigan mutaxassis tayyorlash ta’lim tizimimiz uchun amri mahol.
Yurtimiz yerlari kam samarali ekinlar bilan band qilinyaptimi? Chunki ta’lim tizimimiz qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya-milioratsiya sohasida birorta natija ko‘rsata olmayapti.
Umuman mamlakatimizda qaysi soha oqsayotgan bo‘lsa, qaysi sohada tizim ishdan chiqqan bo‘lsa, bilingki ularning tag zamirida sifatsiz ta’lim yotadi. Ta’limi rivojlanmagan, o‘qituvchisi hurmatga ega bo‘lmagan jamiyat hech vaqoga erisha olmaydi. Bunday jamiyatning boshida faqat motam bo‘ladi xolos.
Qozog‘istondagi fojiada kirish imtihonlarida nafsiga qul bo‘lib, millatiga xiyonat qilayotgan korrupsioner mas’ullarning hissasi bor.
Qozog‘istondagi fojiada o‘qituvchini paxta dalasiga haydagan, ularga ko‘cha supurtirgan mas’ullarning hissasi bor.
Qozog‘istondagi fojiada o‘qituvchilarni qog‘ozbozlikka ko‘mib, har bir yo‘talgani uchun ham hujjat so‘raydigan tizimni yaratib qo‘ygan mas’ullarning hissasi bor.
Qozog‘istondagi fojiada sessiya paytlari jaraq-jaraq pullar evaziga kallasi bo‘m-bo‘sh talabalarni himoya qiladiganlarning hissasi bor.
Qozog‘istondagi fojiada sifatli ta’lim tizimini yaratish uchun mas’ul bo‘lgan, lekin buni shuncha yildan buyon uddalay olmayotgan barchaning hissasi bor.
Kelgusida bunday fojialar yana takrorlanmasligi uchun “bizda hammasi yaxshi, ta’limga e’tibor katta, ko‘p mablag‘lar ajratyapmiz, kirish imtihonlarida qing‘irliklar aniqlanmadi, 5-6 nafar o‘quvchilarimiz xalqaro olimpiadada o‘rin oldi, demak tizim zo‘r” degan oldi-qochdi gaplarni bugundan yig‘ishtirib, ilm-fanni, intellektual olamni rivojlantirish, o‘qituvchilarning nufuzi va salohiyatini oshirish yo‘lida jiddiy, keng ko‘lamli islohotlarni boshlashimiz kerak.
Ertaga kech bo‘lishi mumkin… Har 2-3 oyda o‘zga yurtga ish izlab ketayotgan 50-60 nafar begunoh yurtdoshlarimizdan ayrilib qolishni jimgina kuzatish og‘ir.
Facebookda ushbu maqola ostiga qoldirilgan fikrlar:
Salom Hushnud. MEn sizga bir og’riqli masala bo’yicha murojat qilayapman. Siz shuni tegishli idoralarga rasman yetkiza olasiz deb o’ylayman. Buni nafaqat rasman yetkazish balki qatiy choralar ko’rish kerak deb o’ylayman.
Murojatim korrupsiyaga oid. Hozir ko’p saytlarda o’qiyapman, korrupsiyani boshi yuqoridan deyishadi, men buni aksini aytmoqchiman. KORRUPSIYAning boshi maktabdan ham pastroqda, yani maktabgacha ta’limda.
Mening ikki farzandim bog’cha tarbiyalanuvchisi. Ularga har oyda fond uchun deb 10mingdan 20ming so’rashadi, kamiga o’quv qurollari ham olib beramiz, bu ham mayli har qanaqa kolendarda qizil bilan belgilangan kunlarda o’qituvchilariga podarkaga pul yig’iladi kamiga mudira bilan metodistga ham, yana bog’cha opalar o’zini oppoq qilib bir chetda turishadi, bu gaplarni ota onalar komiteti raisi aytadi, uni kim saylaganini hudo biladi, bu gaplar bo’lishidan oldin komitet raisi bilan tarbiyachining kallasini bir qilib sirlashayotganini ko’rasiz, ho’sh komitet kimni huquqini himoya qilish ushun saylangan, kimning dardini olib chiqish uchun saylangan, kimning vakili hudo biladi. Kechagi kuni shunday yig’di-yig’dini aytishgandi juda achchig’im keldi va ularga qarata shunday dedim: Nima uchun mudiraga pul yig’ishimiz kerak, metadistga nima uchun desam, u juda bog’cha uchun jon kuydirar ekan, ovqatniyam yaxshilaganmish, axir jon kuydursa bu uning zimmasidagi ish bo’lgani uchun, agar ovqatni yaxshilagan bo’lsa demak uyiga olib ketmay davlat berganni hammasini ishlatayotgani uchundir, uyidan opkelib qo’shmayotgandir masalliqlarni, desam yana raxmimni keltirishga o’tdi, hamma beradi man bermasam manga yomon munosabatda bo’ladi deydi, yozaman portalga bunaqalarni ishdan olish kerak desam kaltak kelib mani boshimda sinadi, iltimos unday qilmang, hech kim uni olganini isbotlab berolmaydi keyin yana mani hammani oldida turgizib san ota-onalar bilan ishlashni bilmaysan deb urishib izza qiladi deydi. Ko’rayapsizmi korrupsiyaning boshi qayerda? Eng yomoni bir kuni qizim hiqqillab qoldi, nima emish bog’cha opasini tug’ulgan kuniga o’rtog’lari sovg’a beribdikanmishu mani qizim bermabdi, (lekin u bilmaydiki, tug’ilgan kuni uchun allaqachon hammadan pul yig’dirib olgan) axir bu bolaning ongi hozirdan nimadur berishga shu orqali bog’cha opasini sevimlisiga aylanishga urinishi kelajakda uni korrupsiyaning kattaroq ko’rinishlariga olib kelmaydimi. Aslida bu gaplarni maktabgacha talim vazirligi saytiga yozmoqchi edim lekin ularning shuncha ommaviy axborot vositalarida jo’sh urib gapirishgani bilan hali saytlari yo’q ekan. Iltimos shu muammolarni be’etibor qoldirmay masul shaxslarning etiborini bunga qaratsangiz, siz holis odamsiz, qonun odamisiz, yoshlarning vakilisiz, hali farzandingiz kichkinadur buni bilmassiz, lekin bu ko’rguliklar sizni boshizga ham kelishi mumkin, buni oldini oling. Meni bo’lsa sir qoldiring, chunki qizimning tarbiyachisiga meni deb gap tegib qolishini istamayman, esi borida etagini yopishiga imkon beraman.