Yangi hujjatlar

Soyadagi magistratura

Maqolaga kirish

10 may kuni joriy yilgi test sinovlari muhokamasiga bag‘ishlangan «Munosabat» tok-shousiga ekspert sifatida taklif qilishdi. Hali ko‘rsatuv boshlanmasidan turib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan kelgan vakil menga e’tirozlarini bildirishni boshladi. O‘tgan yilgiday qattiq gaplarni aytmasin, deb oldindan “musht” ko‘tardi chamamda 🙂

Lekin ular uchun kutilmaganda, joriy yilgi tizimni to‘liq qo‘llab-quvvatlashimni, yangi tizimning birinchi yilida xato va kamchiliklar ko‘p uchrasa ham, lekin ishonishda davom etishimiz kerakligini aytdim. Ko‘rsatuv so‘nggida 2 xil fikr eshitdim: abituriyent va repetitorlar “narigi tomonga sotilibsizku” deyishdi, DTM vakillari esa “ishonch uchun rahmat, kelgusida ham shunaqa qo‘llab turing” deya minnatdorlik bildirishdi.

Aslida narigi tarafga o‘tib olganimning sababi oddiy. Chunki faqat tanqid qilish uchungina tanqid qilmayman. Maqsadim faqat yomon ko‘rsatish, kir qidirish emas. Qachonki qo‘limda aniq faktim bo‘lsagina, shu masalani ko‘tarib chiqishim mumkin. Yangi tizimda esa hali hech narsa aniq emas, nimasini yomonlashim mumkin? Axir yillar davomida qilgan ohu-zorimizni eshitib, hukumat butunlay o‘zgacha tartib joriy qilgani, o‘zgarishlarni xohlayotganidan darak-ku. Mayli, balki bu eng optimal variant ham emasdir, qolganini vaqt ko‘rsatadi.

Magistraturaga kirish

Maqolaga kirish ancha oson bo‘ldi, lekin magistraturaga kirishni bunday deya olmayman. Ming afsuski magistratura ta’lim tizimimizning eng oqsoq nuqtalaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Aslida magistratura bosqichi ilm va ishlab chiqarishni bir-biriga bog‘laydigan asosiy ko‘prikdir. Deyarli barcha xorijiy davlatlarda shunday, magistratura bosqichi bu kelgusida ma’lum sohani yanada chuqur, ilmiy asoslangan holda o‘rganish, shu tor yo‘nalish bo‘yicha ilmiy ishlar qilish uchun poydevor yaratish vazifasini o‘taydi. Biroq bizda sal boshqacharoq. Bizda magistratura ko‘prigi “qog‘ozlardan” qurilyapti va ilm oqimiga dosh berolmay yuvilib ketyapti.

Agar yurtimizda har yili 60-70 ming nafar bakalavr bitirsa, shundan faqat o‘rtacha 5 ming nafarigina magistratura bosqichiga qabul qilinadi. Va mana 5 ming nafaridan yana qanchasi ilmiy ishini davom ettiradi, deb so‘rasangiz, 3 xonali son chiqsa ham katta gap.

Bizda magistratura aniq bir maqsad uchun emas, ko‘proq obro‘ uchun o‘qiladi. Yoki institutda o‘qituvchi bo‘lib qolish uchun. Ha, aytgancha, 2012 yildan buyon ayniqsa Toshkentdagi OTMlarda o‘qituvchi bo‘lib qolish istagidagilar magistraturaga jon-jahdlari bilan yopishishmoqda, chunki… Chunki shu yo‘l bilan 11-band bo‘yicha doimiy propiska olish mumkin.

Soyadagi magistratura

Agar oliy ta’limdagi kirish imtihonlari bilan bog‘liq muhokamalarni yaxshilab qarab chiqsangiz, deyarli 99 foizi bakalavrga aloqadar ekanligi, 1 avgustdagi testlar har doim diqqat markazida bo‘lganini ko‘rish mumkin. Magistratura sira eslanmaydi, yoki kam ahamiyatliroqdek qaraladi.

Boshqacha qilib aytganda, 1 avgust soyasida magistratura «mazza qilib dam olmoqda». Bundan faqatgina OTMlardagi korrupsionerlarning cho‘ntagi qappaymoqda. Chunki eng oson va eng muammosiz pul ishlash yo‘llaridan biri – aynan magistraturada!

1 avgustdagi test sinovlari qancha ko‘p muhokama bo‘laversa, magistratura orqasidan kun ko‘radiganlar shuncha ko‘p xursand bo‘lishadi. Asosiysi “vdrug” islohotlar navbati magistraturaga kelib qolmasa bo‘ldi.

Tizimning qayeri no‘noq?

1 avgustdagi test vaqtida butun respublika oyoqqa turgan bo‘ladi, qalloblar ming bir qiyinchilik, ming bir sxema ishlab chiqishga majbur bo‘lishadi. Boz ustiga OTM rektorlari bevosita bakalavrga o‘qishga qabul qilish vakolatiga ega ham emas, bu test natijalariga bog‘liq bo‘ladi. Ular faqat testni tashkil qilish jarayonlariga rahbarlik qilishadi xolos. Magistraturadachi? Oh-oh, rektorlar uchun hamma sharoitlar bor. Imtihonlar to‘liq o‘z qo‘lida, tashqaridan ortiqcha tekshiruvchi yo‘q, minglab nigohlar kuzatmaydi, doimiy nazorat qilishmaydi.

Natija kerakmi? Hammasi oddiy, shunchaki eng keng tarqalgan usulni qo‘llashadi – ya’ni kirishi kerak bo‘lganlarni imtihondan keyin alohida chaqirishib, savollarga javoblarni chiroyli qilib ko‘chirtirishadi. Abituriyent ham xotirjam, shoshmasdan, hoshiyalariga qarab, tayyor javoblarni ko‘chirib beradi, tamom. Qarabsizki, hech bir muammosiz kim budjet, kim kontrakt ekanligigacha bemalol taqsimlash mumkin.

Imtihonlar to‘liqligicha OTMlarning o‘ziga tashlab qo‘yilgan, markazlashgan nazorat yo‘q. Tekshiruvchi o‘qituvchilardan tortib, imtihon payti nazoratchilargacha begonalar bo‘lmaydi. Shifrni ham o‘zlari qo‘yishadi, guruhga ham o‘zlari o‘tkazishadi, biletdagi savollarni ham o‘zlari tuzishadi, Abdullani ham o‘zlari uylantirishadi.

Hech qanday shaffoflik yo‘q, zamonaviy axborot texnologiyalaridan deyarli foydalanilmaydi. Masalan, DTM sayti orqali OTMlar, yo‘nalishlar kesimida kvotalar va hujjat topshirganlar soni haqida ma’lumot olib bo‘lmaydi.

Yoki har bir auditoriyalarga kamera qo‘yib, internetda translyatsiya qilish kabi loyihalarga hali ko‘p qovun pishig‘i bor. Bir hisobdan olganda, bunaqa tizimda kameralar juda ko‘p narsani hal qilib ham bermaydi. Yuqorida aytganimdan, odatda imtihon payti hech qanday qing‘irlik qilinmaydi, deyarli barchasi imtihon tugagach, yopiq eshiklar ortida amalga oshiriladi.

Kulgili tartib

Magistraturaga kirish imtihonlarining yana bir kulgili tartibi javoblarni e’lon qilish va natijalar bo‘yicha apellyatsiyalar qabul qilish jarayoni bilan bog‘liq.

Vazirlar Mahkamasining 20.06.2017 yildagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, abituriyent sinov natijasidan norozi bo‘lgan taqdirda, sinov natijalari e’lon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat davomida apellyatsiya arizasi bilan murojaat etishi mumkin. Lekin eng qizig‘i javoblar qachon va qayerda e’lon qilinishini hech kim bilmaydi. O‘tgan yili ayrim OTMlardagi ba’zi yo‘nalishlarda magistratura javoblari hattoki sentabr oyi boshlangunga qadar ham e’lon qilinmagan edi. Bu qattiq sir tutiladi, toki hammasi “joy-joyiga” tushib olmagungacha. Chunki so‘nggi soniyalarda bitta qo‘ng‘iroq bilan vaziyat o‘zgarib ketishi mumkin.

Amaliyotda qanday bo‘ladi? OTMlar magistratura natijalarini istalgan joyga (balki OTM old hovlisiga, balki orqa hovlisiga, balki yon hovlisiga, balki birorta qavatdagi koridorga) kunning istalgan vaqtida (balki ertalab, balki tushlikda, balki shom payti, balki yarim tunda) ilib chiqadi. Lekin abituriyentlar javoblar ilinganidan hech qanday xabardor bo‘lish imkoniga ega emaslar, na saytda chiqadi, na SMS boradi. O‘z kuchi bilan topshirgan, hech qanday “tanka” va “soqqa” ishlatmagan abituriyentlar mabodo natijadan qanoatlanmasa, 24 soat ichida apellyatsiya berishga ulgurishi uchun har kuni 2-3 mahaldan kelib, tekshirib turishga majbur.

Shunday vaziyatlarga ham shaxsan o‘zim guvoh bo‘lganmanki, OTMdagilar abituriyentning apellyatsiyasini “24 soatdan kechikib berding, biz falon payti ilgandik” deya qabul qilishmagan. Vaholanki, javoblarni ertalab ilib, ilinganini rasmga olib, keyin olib qo‘yishgandi. Abituriyent isbotlab bera olmadi…

“Nedobor”

Magistratura ahvolini bittagina fakt bilan tasavvur qilish mumkin. Tag‘in yana o‘zi o‘qigan va ishlagan universitetni maqtayapti, deb o‘ylamang. Men shunchaki faktni yozaman xolos, maqtashdan yiroqman.

2013 yilda Toshkent davlat yuridik universitet magistraturasiga kirish imtihonlari tartibi o‘zgardi. Unga ko‘ra, magistratura uchun ham test sinovlarini DTM oladigan bo‘ldi. Xuddi 1 avgustdagidek.

Va bunga qo‘shimcha yana bir juda muhim tartib joriy qilindi: test sinovlari va yozma imtihonda istalgan fandan maksimal ballning 55 foizi va undan kam ball to‘plagan abituriyentlar magistraturaga qabul qilinmasligi belgilandi. Ya’ni abituriyentlar nafaqat bir-biri bilan, balki o‘zlari bilan kurashishlariga (55 foizdan balandroq ball olish uchun) majbur bo‘ldi.

Shu tartib joriy qilingandan so‘ng, natija qanday bo‘ldi bilasizmi? Ketma-ket har yili kvota to‘lmay qolaverdi. Ya’ni qabul kvotasi bo‘yicha 130 nafar magistr qabul qilinishi belgilangan bo‘lsa, 100-110 nafar abituriyentgina imtihonlardan o‘ta olardi, qolgan joylar to‘lmay qolardi. Eng qizig‘i bu faqat birinchi yilda emas, o‘sha paytdan buyon deyarli har yili shunday bo‘lmoqda.

Menimcha, ortiqcha izohga hojat bo‘lmasa kerak.

Ijtimoiy fikr

Telegram kanalimda o’tkazilgan so’rovnoma natijasi

Mazkur blogpostni yozishdan oldin, Telegramdagi kanalimda shu mavzuga oid so‘rovnoma o‘tkazdim. “Sizningcha magistraturaga kirish imtihonlari adolatli o‘tadimi?” deya berilgan savolga 1166 kishi ovoz berdi.

Respondentlarning 74%i yoki 871 kishi “korrupsiya uyasiku” deya javob qaytardi.

14% yoki 169 kishi “nohaqlik ko‘p” degan variantni tanladi.

Atigi 5% yoki 69 kishi “adolatli o‘tadi” deya ishonishgan (rektor va dekanlar bo‘lsa kerak).

Va nihoyat so‘rovnomada qatnashganlarning 4% i yoki 57 kishi “ahvol juda yomonmas” deya ta’kidlashgan.

Shu o‘rinda yurtimizda eng ishonchli so‘rovnomalar o‘tkazishi bilan ma’lum va mashhur hamda raqamlar ortidan mo‘jiza yaratadigan “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi o‘tkazgan so‘rovnomalar bilan ham qiziqib ko‘rdim. Ularda ham o‘rtacha 1000-1100 kishi qatnasharkan.

Demak, ming kishidan ko‘proq inson ovoz bergan so‘rovnoma natijasini jiddiy qabul qilsak bo‘ladimi?

Ta’lim tizimidagi rahbarlarimizga magistraturaga kirish imtihonlarida ahvol o‘ta achinarli darajada ekanligini anglash uchun xalqning 74 foizi korrupsiya uyasi ekanligini ta’kidlayotgani yetarli emasmi? Yoki “dalil bo‘lmasa, ishonmaymiz, bizda hammasi yaxshi”, deyisharmikin?

Menga eng alam qiladigan joyi toki shu masalani ham Prezidentimiz ko‘tarib chiqmagungacha, o‘zlari bosh-qosh bo‘lib, tizimni o‘zgartirish haqida jon kuydirmagungacha, hamma kutadi. Ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar bo‘lib yuraveradi. Qachon davlat rahbari “magistraturalarga kirishni ham tartibga solaylik” deganidan keyin birdan hammasi uyg‘onib, “Ko‘zimiz endi ochildi”, “Haqiqatdan ayb bizdan o‘tdi”, “O‘zimiz shu choqqacha rag‘batlantiribmiz”, “Bizga master-klass ko‘rsatdingiz” deyishni boshlaydi. Ungacha jimmmmm-jit, imi-jimida yuraveradi. Qing‘irliklar urchib ketganini bilmaydi deysizmi? Biladi, shunaqangi biladiki…

Bolta tushguncha, kunda dam oladi, degani shu bo‘lsa kerak.

Мазкур мақола Сизга манзур бўлдими?
  • Ҳа (433)
  • Йўқ (2)
  • Бироз (9)

Битта фикр

  1. Хушнуджон томонидан таълим тизимимиздаги кўплаб оқсоқликлар, муаммоларнинг кўтарилиши, албатта, қувонарли ҳол. Аммо, уларнинг ечими эса киши ўйлантиради. 2017-ўқув йилининг 1-август кирдикорлари муаллифнинг бир неча мақолаларида кўтарилдию, матбуотда кейинчалик бу ҳақда лом-мим дейилмади. Биз каби мухлислар, яъни “сенинг орқангдаги халқ” (“Танка”фильмидаги ибора), унинг ечимини кутгандик. Ё “орага сичқон тушди, гулдур гуп” бўлдими? Ёхуд амалдорларнинг ўтирган ўрнига таъсир этиши хавфи бормиди, негадир охири, яъни финал “ўхшамади” (Финал билмадик, ечим балки, ўрганилган бўлса-да, оммага айтилмадими, шунақа)
    Магистратура ҳақидаги мақола ҳам ўта долзарб, муаммонинг “уяси”, яъни ари уясига муаллиф яна чўп суқиб, ариларни безовта қилгиси келибди. Ўзим ҳам ОТМда ишлайман. Бирорта ҳам магистрнинг ўқишга кириши тўғри эмаслигини биламан. Ҳеч мутахассислик фанига қизиқмаган, ўртача баҳоларга ўқиганларнинг бу йўналишга киришига киши таажжубланади. Ва биладики, бир балоси бўлмаса…
    Журналистиканинг кучини нимада кўринади? Кўтарилган масаланинг ечими ва натижасида (ўзи аслида ҳамма нарсанинг ҳам). Қани эди, Хушнуджон томонидан кўтарилган бу каби таълимнинг ўта заиф , бўш томонлари ислоҳ қилинса, ўшандагина мақсадга етишган бўлардик.
    Зариф ҚУВОНОВ, Навоий шаҳри
    Тел: +99893 435-04-78