2012-yil 23-oktabr kuni “Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga O’zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risida”gi NIZOM qabul qilindi. Mazkur Nizom O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmatining qarori bilan tasdiqlandi.
Nizom 2012-yilning 1-dekabridan kuchga kiradi.
Endi ushbu nizomda qanday o‘zgartirishlar kiritilgani, hozirda o’z kuchini yo’qotishi belgilangan 2005-yildagi xuddi shu mazmundagi nizomdan qanday farqlari borligi haqida batafsil to’xtalsam.
Eng birinchi o’zgarish, yangi nizom matni o’zbek tilida ham berilgan. Ilgarigi nizom matni faqat rus tilida edi.
Bu albatta texnik tomondan. Endi mazmuni haqida.
Yangi nizomda ham eskisi kabi tavsiyanoma harbiy qism komandirlari tomonidan O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikda yuqori natijalarga erishgan, zarur bilim darajasiga va namunali harbiy intizomga ega munosib harbiy xizmatchilarga berilishi ko’rsatilgan.
Nizomga ko’ra, tavsiyanomalariga ega bo‘lgan fuqarolar barcha yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha bakalavrlar tayyorlashda respublikaning barcha oliy ta’lim muassasalariga kirishda to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ballarning 27 foizi mikdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga ega bo‘ladi. Bu 61,2 ball degani.
Xo’sh, tavsiyanomaga qanday ega bo’linadi? Ilgari qanaqa edi-yu, hozir qanday ko’rinishga keldi.
1-farq
Ilgari tavsiyanoma faqat DTM tomonidan o’tkaziladigan test sinovlaridan muvaffaqiyatli o’tgan harbiy xizmatchilarga berilar edi.
Tavsiyanomaga ega bo’lgan abiturientlarga test sinovlari vaqtida 61,2 ball qo’shib beriladi
|
Hozirda test sinovlarigacha bo’lgan muddatda ham harbiy xizmatchilarga jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik dasturlari o‘zlashtirib borilishi holati bo’yicha ball berib boriladi.
Muddatli harbiy xizmatchiga harbiy intizom, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik natijalari bo‘yicha ballar qo‘yish butun xizmat davri davomida amalga oshiriladi.
Agar muddatli harbiy xizmatchi namunali harbiy intizomi uchun O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Intizom nizomida nazarda tutilgan tartibda rag‘batlantirilgan (muqaddam berilgan intizomiy ta’zir chorasining bekor qilinishi bundan mustasno) bo‘lsa, unga quyidagi tartibda ballar qo‘yib boriladi:
harbiy qism komandiri tomonidan rag‘batlantirilgan bo‘lsa – 5 ball;
harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni (birlashma komandiri) tomonidan rag‘batlantirilgan bo‘lsa – 10 ball;
O’zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Birlashgan shtabi boshlig‘i tomonidan rag‘batlantirilgan bo‘lsa – 15 ball;
tegishli vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralari rahbarlari tomonidan rag‘batlantirilgan bo‘lsa – 20 ball.
Muddatli harbiy xizmatchiga muddatli harbiy xizmat davrida namunali harbiy intizomi uchun ko‘pi bilan 20 ball qo‘yiladi. Bunda, harbiy qism komandiri tomonidan rag‘batlantirishning sonidan qat’i nazar, 5 balldan ortiq ball qo‘yilmaydi.
Muddatli harbiy xizmat davomida nazorat-tekshiruv mashg‘ulotlari natijalari bo‘yicha muddatli harbiy xizmatchiga jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik uchun baho qo‘yib boriladi. Muddatli harbiy xizmatchining umumiy tayyorgarlik darajasini aniqlash uchun jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha baholarning umumiy o‘rtacha arifmetik qiymati chiqariladi.
Jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha baholarning umumiy o‘rtacha arifmetik qiymati uchun muddatli harbiy xizmatchiga quyidagi tartibda ballar qo‘yiladi:
4,0 dan 4,3 ga qadar – 10 ball;
4,4 dan 4,7 ga qadar – 15 ball;
4,8 dan 5,0 ga qadar – 20 ball.
Umumiy o‘rtacha arifmetik bahosi 4,0 dan kam bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchiga ball qo‘yilmaydi.
Test sinovlari o‘tkazilishi boshlanishidan 5 kun oldin harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda Muddatli harbiy xizmatchilarga xizmat davri uchun jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha qo‘yilgan umumiy o‘rtacha baholar va ballarning yig‘ma vedomosti tuziladi. Yig‘ma vedomost muddatli harbiy xizmatchilarning bevosita komandirlari va harbiy qism komandirining o‘rinbosarlari tomonidan imzolanadi va harbiy qism komandiri tomonidan tasdiqlanadi.
Yig‘ma vedomostdan olingan ko‘chirmalar harbiy qism shtabi boshlig‘i-ning imzosi va gerbli muhr bilan tasdiqlanib, test sinovlari boshlanishidan 3 kun oldin hamma uchun ko‘rinarli joyga osib qo‘yiladi.
2-farq
Ilgari test sinovlaridan muvaffaqiyatli o’tgan barcha harbiy xizmatchilarga berilgan. Masalan, 100 ta harbiy xizmatchidan 90 tasi muvaffaqiyatli o’tsa barchasiga berilgan.
Hozirda harbiy tavsiyanoma berishning maksimum miqdori belgilab qo’yildi. Endilikda, beriladigan tavsiyanomalarning umumiy soni harbiy qismning ro‘yxatiga kiritilgan muddatli harbiy xizmatchilar sonining 40 foizidan oshmasligi lozim.
Bir necha nafar harbiy xizmatchining bir xil miqdorda ball to‘plagani bois, 40 foizli cheklashga amal qilishning iloji bo‘lmasa, beriladigan tavsiyanomalar sonini bunday harbiy xizmatchilar soniga mos ravishda oshirishga ruxsat beriladi.
Xizmat davrida davlat mukofoti bilan taqdirlangan muddatli harbiy xizmatchi test sinovlarining natijalari inobatga olinmay, tavsiyanoma olish huquqiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, endilikda tavsiyanoma olish uchun faqat DTM test sinovlaridan muvaffaqiyatli o’tishning o’zi kifoya qilmaydigan bo’ldi.
Test natijalari olingandan so’ng, tavsiyanoma berish yuzasidan yakuniy qaror qabul qilish uchun har bir nomzod muddatli harbiy xizmatchilarning umumiy yig‘ilishida muhokama qilinib, nomzodning xizmat faoliyatiga baho beriladi.
Harbiy intizomining holati, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyor-garlik natijalari va test sinovlari bo‘yicha eng ko‘p ball to‘plagan muddatli harbiy xizmatchi muddatli harbiy xizmatchilarning umumiy yig‘ilish tomonidan ijobiy qaror qabul qilinganidan so‘ng, tavsiyanoma olishga munosib, deb hisoblanadi.
Tavsiyanomalarning umumiy soni harbiy qismning ro‘yxatiga kiritilgan muddatli harbiy xizmatchilar sonining 40 foizidan oshmasligi lozim
|
Bunda, yuqori ballar to‘plagan, biroq xizmat faoliyatiga salbiy tavsif berilgan harbiy xizmatchilarga, umumiy yig‘ilish va bo‘linma komandirlarining yozma murojaati asosida harbiy qism komandirining qarori bilan tavsiyanoma berilmaydi.
To‘plagan ballarining miqdoridan qat’i nazar, muddatli harbiy xizmati davrida harbiy intizomni qo‘pol ravishda buzgan bo‘lib, ular yuzasidan xizmat surishtiruvi o‘tkazilgan, harbiy qism komandirining tegishli buyruqlari chiqarilgan muddatli harbiy xizmatchi tavsiyanoma olish huquqiga ega emas.
3-farq
Talabalar bilan suhbatda shu narsa aniq bo’ldiki, ilgari tavsiyanoma berish uchun o’tkaziladigan test sinovlarining ham yagona tizimi mavjud bo’lmagan. Masalan, Surxondaryo viloyati 44862-sonli harbiy qismda (quruqlikdagi qo’shinlar) 2010-2011-yilgi muddatli harbiy xizmatchilar uchun DTM tomonidan o’tkazilgan test sinovlarida jami 60 ta savol berilib, unda 30 tadan ko’p savolga javob topa olgan xizmatchilarning barchasiga tavsiyanomalar berilgan. Savollar 2 ta blokda: jangovor tayyorgarlik va ma’naviy-ma’rifiy bloklardan iborat bo’lgan.
Tavsiyanoma olish uchun faqat DTM test sinovlaridan muvaffaqiyatli o’tishning o’zi kifoya qilmaydi
|
Qashqadaryo viloyatidagi 53943-sonli harbiy qismda (tank qo’shinlari) 2009-2010-yilda o’tkazilgan test sinovlarida ham jami 60 ta savol berilib, 30 balldan ko’p to’plaganlar tavsiyanomaga ega bo’lishgan.
Jizzax viloyatidagi 9225-harbiy qismda (chegara qo’shinlari) 2009-2010-yilda o’tkazilgan test sinovlarida esa jami 100 ta savol berilgan: 4 ta blok har biri 25 tadan savol. Hamda 100 ballik tizimdan 86 balldan yuqori ball to’play olgan harbiy xizmatchilargagina tavsiyanomalar berilgan.
Ko’rib turganingizdek, turli harbiy qismlarda turlicha tarzda belgilangan.
Endilikda barcha harviy qismlar uchun yagona tizim joriy etildi. Muddatli harbiy xizmatchilarni test sinovlaridan o‘tkazish uchun ishlab chiqilgan test savollarining umumiy soni 80 ta savoldan tashkil topib, ulardan 40 tasi – jangovar tayyorgarlikka oid, 20 tasi – ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikka oid, 20 tasi – mantiqiy testlardan iborat bo‘ladi.
Har bir jangovar tayyorgarlikka oid to‘g‘ri yechilgan test savoli uchun – 1,2 ball, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikka oid to‘g‘ri yechilgan test savoli uchun – 1,1 ball, mantiqiy test uchun – 1 ball qo‘yiladi.
Test topshiriqlarini yechish uchun 2 soat beriladi. Javoblar varaqasini to‘ldirish uchun 30 daqiqa ajratiladi. Test sinovlari o‘tkazish uchun umumiy vaqt 2 soat 30 daqiqani tashkil etadi.
Muddatli harbiy xizmatchilarni test sinovlaridan o‘tkazish uchun ishlab chiqilgan test savollarining umumiy soni 80 ta savoldan tashkil topgan bo’ladi
|
Tavsiyanomalarning amal qilish muddati o’zgarmagan. Ya’ni tavsiyanoma rasmiylashtirib berilgan sanadan e’tiboran 3 yil muddat davomida kuchga ega bo’ladi.
Tavsiyanoma muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilayotgan harbiy xizmatchiga boshqa hujjatlar bilan birga tantanali vaziyatda topshiriladi.
E’tiborli jihati, nizomda tavsiyanoma berilishi mumkin bo’lgan minimum ball ko’rsatilmagan. Ya’ni Jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik hamda test sinovlari bo’yicha qancha balldan yuqori to’plagan harbiy xizmatchilarga tavsiyanoma berilishi kerakligi ta’kidlab o’tilmagan. Faqatgina yuqorida ta’kidlanganidek, umumiy harbiy xizmatchilarning 40%idan oshmasligi belgilangan xolos. Menimcha, bu keyinchalik ba’zi tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Tavsiyanoma rasmiylashtirib berilgan sanadan e’tiboran 3 yil muddat davomida kuchga ega bo’ladi
|
haqiqatda e'tiborli jihati umuman odamni hayron qoldiradigan darajada o'ylab chiqilgan )))))))))))) bu yerda ma'no qidirib topish qiyn