Yangi hujjatlar

Mehnatning tagi mehnat. Rohat qachon?

Menimcha, kundalik turmushda har doim ham Jinoyat kodeksiga amal qilinmasa qilinmasin, lekin o‘zini hurmat qilgan jamiyatda Mehnat kodeksiga qat’iy amal qilinishi lozim va lobid.

Agar mantiqan o‘ylab qarasak, juda ko‘p narsa xodimlarning mehnat huquqlari buzilishidan kelib chiqadi:

ish haqlarning kamligi – aksariyat hollarda korrupsiya yoki shu kabi jinoyatlarga yetaklaydi (yoki qashshoqlikka);

ish vaqtining tayinsizligi, har kuni kechqurun soat 10-11 (yoki undan ham kech)gacha ishlash – farzandlar tarbiyasining sustlashishiga yetaklaydi, salomatlikniku gapirmay qo‘ya qolay;

dam olish kunlarisiz ishlash – ruhiy zo‘riqish va oilalardagi notinchlikka yetaklaydi;

ta’tilsiz ishlash – ish sifatining keskin pasayishiga olib keladi;

mehnat muhofazasi ta’minlanmagan joyda ishlash – halok bo‘lganlar va nogironlar sonining ko‘payishiga sababchi bo‘ladi;

ishsizlikning yuqori darajasi – jamiyatdagi umumiy norozilik va pessimistlikni keltirib chiqaradi, ijtimoiy muvozanatni izdan chiqaradi.

Balki bularning barchasi bittada sodir bo‘lmas. Ya’ni farzandlar bir kunda betarbiya bo‘lib qolmaydi, oilalar bir kunda ajrashib ketmaydi, bir kunda hamma jinoyatchiga yoki korrupsionerga aylanib qolmaydi. Lekin bu sekin ta’sir qiluvchi og‘u, vaqt o‘tishi bilan jamiyatni falajlaydi, oxir-oqibat baribir salbiy oqibat sodir bo‘ladi.

Xodimlarning qadr-qimmati yetarlicha ta’minlanmagan, qilgan mehnatiga yarasha rag‘batlantirilmaydigan (qonuniy yo‘l bilan, albatta) jamiyat rivojlanmaydi. Yoki bir joyda depsinib turaveradi, yoki orqaga ketadi. Boshqacha aytganda mehnatning tagi faqat mehnat emas, roham ham bo‘lishi kerak.

Shunday ekan, yangi davr sari olg‘a qadam tashlayotgan O‘zbekiston mehnat sohasini isloh qilishga jiddiy e’tibor qaratishi lozim. Tilyog‘lamalikdan holi ravishda aytamanki, so‘ngi yillarda bu borada sezilarli ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Birgina majburiy mehnatning TAN OLINIShI (!) va unga qarshi kurashning boshlangani ko‘p narsadan dalolat. Ayrim sohalar va davlat organlari tizimida oylik ish haqlarining sezilarli ravishda oshirib borilishi, yaratilgan yangi ish o‘rinlari haqida safsata statistikalar berilishining to‘xtatilgani va h.k. keng ko‘lamli ishlarni ham eslab o‘tish kerak.

Ammo bularning barchasini yetarli darajada deb bo‘lmaydi. Hali munosib mehnat dasturi bo‘yicha qilinadigan ishlar bisyor, muammolar yetarlicha.

Мазкур мақола Сизга манзур бўлдими?
  • Ҳа (342)
  • Йўқ (20)
  • Бироз (9)

Фикр билдиринг

yoki
Saytga kirganingizdan so‘ng fikr bildirish imkoniyatiga ega bo‘lasiz
Юқорига