2012-yil 18-oktabr kuni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O’rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror fuqarolarning o‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda (lavozimda) ishlashini yanada tartibga solish, shuningdek aholi daromadlarini ko‘paytirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida chiqarilgan.
Ushbu qarordagi eng e’tiborga molik jihatlari haqida siz bilan o’rtoqlashmoqchiman:
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida, shu jumladan o‘rindoshlik asosida bir vaqtning o‘zida ikkita rahbarlik lavozimini egallashga yo‘l qo‘yilmaydi, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
Manfaatdor davlat boshqaruvi organlari byudjet tashkilotlarining bir necha kasbda (lavozimda) ishlaganligi, xizmat ko‘rsatish doirasi kengayganligi yoki bajariladigan ishlar hajmi ortganligi uchun qo‘shimcha haq belgilanishi mumkin bo‘lgan xodimlari kasblari (lavozimlari) ro‘yxatini ikki oy muddatda ishlab chiqishi hamda O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlashi belgilab qo’yildi.
Shuningdek, qaror asosida qabul qilingan “O’rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risida” NIZOMda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalanilgan:
asosiy ish joyi – O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 81-moddasiga muvofiq ish beruvchi tomonidan xodimning mehnat daftarchasi yuritiladigan tashkilot;
o‘rindoshlik asosida ishlash – xodimning o‘zining asosiy ishini bajarishidan tashqari asosiy ishidan bo‘sh vaqtida mehnat shartnomasi asosida boshqa haq to‘lanadigan ishni bajarishi.
Quyidagilarning o‘rindoshlik asosida ishlashi taqiqlanadi:
– o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar;
– agar shaxsning asosiy ishi mehnatning noqulay shart-sharoitlari bilan bog‘liq bo‘lsa, shunday shart-sharoitdagi ishlarda ishlash;
– O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni va Vazirlar Mahkamasi apparati xodimlari, davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari va tarkibiy bo‘linmalar boshliqlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va a’zolari, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
– viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlari va ularning o‘rinbosarlari;
– bir-biriga bo‘ysunuvchi yoki bir-birining nazoratidagi tashkilotlarda davlat boshqaruvi organlari mutaxassislari – sog‘liqni saqlashni boshqarish organlarida band bo‘lgan vrachlar va ta’limni boshqarish organlarida band bo‘lgan o‘qituvchilar bundan mustasno;
– qonun hujjatlariga muvofiq o‘rindoshlik asosida ishlashi taqiqlangan boshqa shaxslar (xodimlar).
Xodimning asosiy ish joyi hisoblangan tashkilotda o‘rindoshlik asosida ishlashga vaqtincha bo‘lmagan xodimningishini bajarishda yoki bo‘sh lavozimdagi ishni bajarishda yo‘l qo‘yiladi.
O’rindoshlik asosida boshqa tashkilotga ishga kirayotgan shaxslar:
– pasportni yoxud uning o‘rnini bosadigan hujjatni;
– mehnat daftarchasi o‘rniga asosiy ish joyidan O’zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakl bo‘yicha ma’lumotnomani takdim etishi shart.
O’rindoshlik asosida ishlash uchun ish beruvchining, asosiy ish joyidan kasaba uyushmasi qo‘mitasining (xodimlarning boshqa vakillik organining) yoki boshqa organning roziligi talab qilinmaydi.
Bajarilishi uchun faqat qonun hujjatlariga muvofiq muayyan ish stajiga ega bo‘lgan shaxslar qo‘yilishi mumkin bo‘lgan ishga o‘rindoshlik asosida qabul qilishda asosiy ish joyidagi mehnat daftarchasining tasdiqlangan nusxasi taqdim etiladi.
O’rindoshlik asosida ishlashning davomiyligi xodimlarning ushbu toifasi uchun belgilangan ish vaqti normasining yarmidan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
Xodim asosiy ish joyidagi mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod bo‘lgan kunlarda u o‘rindoshlik asosida to‘liq ish kunida ishlashi mumkin.
Xodim bilan o‘rindoshlik asosida ishlash uchun tuziladigan mehnat shartnomasida O’zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida belgilangan talablar bilan birgalikda ish vaqtining davomiyligi majburiy tartibda ko‘rsatiladi.
Xodimning yozma arizasiga ko‘ra, o‘rindoshlik asosidagi ish joyidan berilgan ma’lumotnoma asosida ish beruvchi tomonidan xodimning asosiy ish joyidagi mehnat daftarchasiga ish davri ko‘rsatilgan holda o‘rindoshlik asosidagi ish to‘g‘risidagi yozuv kiritiladi.
O’rindoshlik asosida ishlovchi shaxslarga har yilgi asosiy, shuningdek o‘rindoshlar haqli bo‘lgan qo‘shimcha ta’tillar asosiy ish joyidagi har yilgi mehnat ta’tili bilan bir vaqtda beriladi.
O’rindoshlar o‘rindoshlik asosidagi ish joyi bo‘yicha vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi olish, ayollar esa, bundan tashqari, homiladorlik va tug‘ish nafaqalari olish huquqiga egadir.
O’rindoshlik asosida ishlash hisoblanmaydigan ishlar
RO’YXATI
1. Ilmiy faoliyatni yoki o‘qituvchilik faoliyatini amalga oshirish, agar bunday faoliyat asosiy ish joyi bo‘yicha bajariladigan ish hisoblanmasa.
2. Fan, adabiyot va san’at asarlari yaratish.
3. Xodim tomonidan, asosiy ishdan tashqari, o‘sha tashkilotning o‘zida shtat lavozimini egallamasdan boshqa ishni bajarish, shu jumladan:
umumta’lim maktablari o‘qituvchilari hamda kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar o‘qituvchilari tomonidan kabinetlarga, laboratoriyalarga mudirlik qilish bo‘yicha vazifalarni bajarish, to‘garaklarga rahbarlik qilish, shuningdek ular tomonidan belgilangan yuklamadan ortiq o‘quv-tarbiyaviy ishlarni bajarish;
ishning ushbu turi bo‘yicha ish vaqti normal davom etishining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan hajmda mehnatga soatbay haq to‘lanadigan pedagogik ish;
ta’lim muassasalari rahbarlarining o‘qituvchi lavozimi bo‘yicha yillik ish rejasida (ish vaqti normasi bilan) nazarda tutilgan jami ish vaqtining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan hajmda o‘qituvchilik ishi;
tashkilotlar muhandis-texnik xodimlarining talabalar va o‘quvchilarning ishlab chiqarish ta’limi va amaliyotiga rahbarlik qilish bo‘yicha ishi;
tibbiyot xodimlarining belgilangan vaqt normasidan ortiqcha navbatchilik qilishi;
Hukumat qarorlari bilan xodimning ish haqiga ustamalar belgilangan vazifalarni bajarish.
4. Mualliflik gonorari shaklida haq to‘lanadigan adabiy ish, shu jumladan alohida asarlarni tahrir, tarjima qilish va ularga taqriz yozish bo‘yicha ishlar.
5. Mehnatga bir marta haq to‘langan holda texnik, tibbiy, buxgalteriya, huquqiy va boshqa ekspertiza (maslahat berish).
6. Umumta’lim maktablari va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari o‘qituvchilari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari ustalari, maktabgacha ta’lim muassasalarining pedagog xodimlari, ta’lim muassasalari kontsertmeysterlari va akkompaniatorlarining aynan bir ta’lim muassasasidagi o‘quv yuklamasining belgilangan normasidan ortiqcha ishi.
7. Sog‘liqni saqlash muassasalarida oyiga 24 soatdan ortiq bo‘lmagan hajmda, mehnatga bir marta yoki soatbay haq to‘langan holda, tibbiyot maslahatchilari vazifalarini bajarish.
8. Ilmiy-tadqiqot muassasalarida va oliy ta’lim muassasalarida ushbu ta’lim muassasalari shtatida turmagan ilmiy xodimlar tomonidan katta ilmiy xodimlarga – izlanuvchilarga rahbarlik qilish.
9. Xodim tomonidan siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari va jamoat birlashmalari markaziy va hududiy organlarining saylab qo‘yiladigan lavozimlarida rahbar xodim, Kuzatuvchi kengash yoki Direktorlar (boshqaruvchilar) kengashi raisi yoki a’zosi, Mahsulot taqsimotiga oid bitim doirasida qo‘mitani boshqaruvchi, ishonchli boshqaruvchi yoki tashkilotda davlatning ishonchli vakili sifatida bajariladigan ish.
10.Jamoatchilik asosida bajariladigan ishlar.
Izoh: 2-bandda, 3-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarda, shuningdek 4, 5, 7, 9 va 10-bandlarda ko‘rsatilgan ishlarni asosiy ish bo‘yicha ish vaqtida bajarishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ishlarning boshqa turlari ishlarning xususiyatiga ko‘ra ham asosiy ish vaqtida, ham undan tashqari vaqtda bajariladi.
MA'LUMOT UCHUN RAHMAT. BU ERDA ILGARIGI QONUN BILAN FARQINI KO'RMAYAPMAN. NIMASI O'ZGARDIYKAN?