P/S: O’tgan safar chop etilgan “Telefon xotirasidagi bitiklar” nomli maqolam haqida ko’pchilikdan yaxshi fikrlar eshitdim. Shuningdek, ko’pchilik uning davomini ham so’rashdi. Aslida bunday narsalarning originali faqat 1ta bo’ladi! Keyingi qismlari oldingilari kabi muvaffaqiyatli chiqmasligi mumkin, chunki mushtariy oldingisidan ham yaxshiroq fikrlarni kutadi, qolganini qabul qilmaydi. Bu baz’an o’z imkoniyat darajangdan balandroq harakat qilishing kerak degani, bu esa imkonsiz.
Mayli, har ne bo’lsada, ming istihola qilib, navbatdagi qismini sizlarga tortiq qilishni joiz deb topdim. Sizlarga yoqadi degan yaxshi gumondaman.
Yoqmasa ham roziman: o’zi oxirgi paytlar aqlli gaplarni to’qib chiqarish qiyin bo’lib qoldi 🙂
***
***
Otilgan o’q
Yaqinda bir ma’lumot o’qib qoldim. Inson so’zlagan vaqtda yozgandagidan ko’ra ko’proq yolg’on gapirar ekan. Bunga o’zimcha sabab qidirib ko’rdim. Menimcha, bizyozayotganimizda gaplarimizni tahrir qilish, o’zgartirish, bekor qilish imkoniyati bor, ya’ni dastlab yolg’on narsa yozsak ham, biroz o’ylab, vijdonan (!) o’sha joyini o’zgartirishimiz mumkin (ba’zan). So’zlaganda esa, bitta gapirib qo’ygan yolg’on gapimizni keyin qaytarib ololmaymiz, o’zgartirishga esa g’ururimiz yo’l qo’ymaydi, uzr so’rashga esa kibrlimiz…
Bejizga “Aytilgan so’z, otilgan o’q” deyishmas ekan…
***
Ziyon
O’tgan safar blogimda “Telefon xotirasidagi bitiklar”ni e’lon qilishim o’zimga ziyon bo’ldi. O’sha bitiklardan keyin endi metroda o’zim ham ko’zimni yumib yurolmay qoldim. Xatto o’tirishga qo’rqib qoldim. Xuddi-ki, kimdir peshonamga kelib: “Internetda birovlarga aql o’rgatishni bilasan, o’zingni yalpayib o’tirishingni qara” deydigandek tuyulib ketaveradi 🙂
Voy, oyog’im…
***
E’tibor berdim: negadir shaharda axlat tashlaydigan qutilar (urna) kamayib ketmoqdami? Ko’pincha zarur joylarda keraksiz narsani tashlash uchun shunaqa qutilarni rosa qidirib qolamiz, ammo topolmaymiz. Tag’in bizni shaharni iflos qilishda ayblashadi!
Yuqoridagi suratga esa ta’rif berish shart emas menimcha.
***
Yangilik
Yaqinda bir insondan juda ajoyib yangilik eshitib qoldim: men uylanibman! 🙂
***
Ko’zgu
Kimdir senga juda zarur: rosa telefon qilyapsan. Ko’tarmayapdi. Atayin ko’tarmayotganini ham yaxshi bilasan. Lekin baribir telefon qilaverasan: jahling chiqadi!
Shu payt telefoning jiringlab qoldi. Qaraysan: keraksiz inson. Ko’tarmaysan. Ancha telefon qildi bechora…
***
Oqibat
So’ngi paytda aloqa operatorlarining sifati yomonlashib ketgani bois yaqinlar o’rtasida yana oqibat paydo bo’la boshladi: aytmoqchi bo’lgan gapni uchrashib aytishayapti, shunisi osonroq bo’lib qoldi.
***
Maqol
O’zbek xalqida “Sihat tilasang – ko’p yema, izzat tilasang – ko’p dema” degan maqol bor. Agar bu maqol haqiqat bo’lsa, unda men faqat o’z sog’ligini o’ylaydiganlar toifasidanman lekin 🙂
***
Birinchi qism
Xalqimizning yana bir mashhur gapi bor: “Yigit qasam ichmaydi, yigitning so’zi qasam”. Negadir ba’zi yigitlarimiz mazkur naqlning faqat birinchi qismini eslab qolishgan, davomini esa allaqachon unutib yuborishgan.
***
Radioda…
Mazkur yilning 11 sentabr kuni “Yoshlar” radiokanalining “Nuqtai nazar” eshittirishining jonli efirida mehmon sifatida qatnashgandim. Oradan 2 oylar o’tib, o’sha eshittirishning yozib olingan variantini TVda – “Yoshlar” telekanalida ham berishdi, bir necha marta.
Ko’rsatuv TVda efirga ketgandan keyin, tanish-bilishlarning ko’pchiligidan ajoyib gap eshitdim: Seni kecha radioda ko’rdim! :)))
***
Maqtov
Yoshlarimizning Suriya U19 ustidan g’alaba qozonib, JChga chiqqanidan keyin Twitterda yozgan tvitim:
Jahon chempionatiga chiqish chepuxa bo’lib qoldiku, ey! 🙂 Qovun qovundan rang oladi deydi, katta “qovun”larimizga ham rang kirsinda 🙂
Eron-O’zbekiston o’yinidan keyin fikrim o’zgardi. Iltimos, endi o’sha tvitni quyidagicha o’qisangiz:
Qovun qovundan rang oladi deydi, katta “qovunJON”larimizga ham rang kirsinda 🙂
***
Foyda
Ko’chada telefon naushnigidan foydalanib musiqa eshitib yurishning zarari haqida ko’p bora eshitganmiz. Bunday tanbehlarni yoqtirmaydigan naushnik tarafdorlari uchun yaxshigina bahona o’ylab topdim:
Naushnik orqali musiqa eshitib yuradiganlar telefoni tushib qolganini yoki o’g’irlanganini darrov sezadi!
***
Rivoyat
Bu rivoyatni ko’pchilik o’qigan, eshitgani aniq. Lekin menga juda ham yoqqanligi uchun yana bir bor eslatishni joiz deb topdim.
Vafotidan so’ng bir insonga narigi dunyoda o’z hayot yo’lini ko’rsatishibdi. Haligi inson qarasa, uning hayot yo’li davomida ikki juft qadam izlari turgan emish. Hayron bo’lib so’rabdi:
– Nega izlar ikki juft?
Unga farishtalar javob berishibdi:
– Izlarning biri seniki, ikkinchisi Allohniki. U hayoting davomida doim senga hamroh bo’ldi.
– Tushunarli, – debdi haligi inson.
Yana sinchiklab qarasa, ba’zi joylarda izlar bir juft emish.
– Nega ba’zi joylarda izlar bir juft, – deya so’rabdi hayron bo’lib.
– Bu hayotingning eng qiyin, mashaqqatli joylari, – deb javob berishibdi farishtalar.
– Demak, eng qiyin vaziyatlarda Alloh meni yolg’iz tashlab qo’ygan ekanda?
– Yo’q, bunday joylardan U seni qo’llarida ko’tarib o’tgan, shu sababli izlar bir juft!
Xudoga shukur!
***
Chimchilash
Maktab davrimizda ingliz tilidan Rizo aka degan ustozim bo’lardi. Juda ajoyib inson, ajoyib pedagog! Menimcha xozir nafaqaga chiqqan bo’lsalar kerak.
Rizo akani bir odatlari bor edi: dars vaqtida xato gapirsak, bilagimizni chimchilardilar. Bilagimiz shunaqa achishib ketardi-ki, boshqa xato qilmaslikka harakat qilardik. Aniq eslayman-ki, bir marta chimchilash bilan “siylangan” xatoyimizni deyarli boshqa takrorlamasdik.
Vaqt o’tdi. Ulg’aydik…
Qiziq, nega xozir Hayotning o’zi muallimlik qilayotgan hayot darsida yo’l qo’ygan xatolarimiz uchun har safar oddiy chimchilashdan ko’ra qattiqroq jazolansak-da, baribir o’sha xatoni yana qaytaraveramiz?!
Bolalikni sog’indim…
***
Javob
Yaqinda yana bir ma’lumot o’qib qoldim. Nima emish, insonlar o’z tarjimai hollari, boshidan o’tkazgan voqealar haqida yozishdan ko’ra, gapirishni ko’proq yoqtirisharkan. Shu sababli ham memuar yozadigan insonlar kam bo’lar emish.
Buning sababini o’zimcha izlab ko’rdim. Sababini bilmoqchi bo’lsangiz, unda eng yuqoridagi birinchi gaplarimni o’qing 🙂
Oldinlari shahar boylab aylanib yurar ekanman axlat tashash qutilarini uchratmagunimcha ming charchasam ham qolimda olib yurar edim. Hozirgi kunlarda esa bilmadim yo daangasa bolganman yo ahlat tashash qutichalari juda noyob narsaga aylanib bormoqda. Ha menimcha ikkinchisi togriroq 🙂 Heech uchramagach ichimda ozimga ozim: Ehh shu yerda axlat tashlash qutisi bolganda shunga tashlardim deb…