Ko’mirli vagonlar | all.biz |
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda O’zbekiston Respublikasi monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasining qaroriga binoan “«O’zbekko‘mir» OAJning hududiy distribyutorlik markazlari orqali sotiladigan ko‘mirning chakana narxini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom”i tasdiqlandi.
Mazkur Nizom Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi v. b. U. Turdiyev tomonidan imzolangan. Ushbu Nizomni tasdiqlash haqida Moliya vaziri R.Azimovning qarori ham chiqdi.
Endi Nizom mazmuni haqida ma’lumot bersam.
Mazkur Nizom O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 29-fevraldagi 58-sonli «Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Xorazm viloyatlari aholisi va byudjet tashkilotlariga ko‘mir sotishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, «O’zbekko‘mir» OAJning hududiy distribyutorlik markazlari orqali sotiladigan ko‘mirning chakana narxini shakllantirish tartibini belgilaydi.
Markazlar orqali iste’molchilarga sotiladigan ko‘mirning chakana narxi O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan shakllantiriladi va belgilanadi. Bunda O’zbekiston Respublikasining barcha hududida Markazlar orqali iste’molchilarga sotiladigan ko‘mirning yagona chakana narxi belgilanadi.
Markazlar orqali iste’molchilarga sotiladigan ko‘mirning chakana narxi quyidagilardan shakllanadi:
ko‘mirning markasi va navidan kelib chiqqan holda, O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan deklaratsiya qilingan «O’zbekko‘mir» OAJning ulgurji sotish narxidan;
«O’zbekko‘mir» OAJning yuklab jo‘natish omboridan Markazlarning ko‘mir saqlash omborlariga qadar bo‘lgan masofaga yetkazib berish bilan bog‘liq transport xarajatlaridan;
Markazlarning rentabellik darajasini inobatga olgan holdagi xarajatlaridan (keyingi o‘rinlarda Markazlar xarajatlari deb yuritiladi).
O’rtacha tarzda aniqlanadigan 1 tonna ko‘mirning chakana narxi ko‘mirning markasi va navidan kelib chiqqan holda ulgurji sotish narxidan, temir yo‘l, avtomobil transporti orqali transportirovka qilish xarajatlari va boshqa transportirovka bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlaridan, shuningdek Markazlarning sof foyda bo‘yicha rentabellik darajasini inobatga olgan holdagi kapital quyilmalarni moliyalashtirish, kredit, qarz va lizing to‘lovlari bo‘yicha asosiy qarzni qaytarish uchun zarur bo‘lgan xarajatlaridan hosil bo‘ladi.
Markazlar tomonidan ko‘mirni sotish «O’zbekko‘mir» OAJ bilan tuzilgan vositachilik shartnomasiga asosan amalga oshiriladi. Markazlarning xarajatlarini qoplash va rentabellik darajasini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan vositachilik haqi «O’zbekko‘mir» OAJ tomonidan belgilanadi va vositachilik shartnomasida ko‘rsatiladi.
Markazlarning talabnomalariga asosan «O’zbekko‘mir» OAJ ko‘mirni yuklashda Markazlarning ko‘mir omborlari joylashgan joyiga ko‘mirni temir yo‘l va/yoki avtomobil transporti orqali yetkazib berishni ta’minlaydi.
Ko‘mirni Markazlar orqali aholiga sotish fiskal xotiraga ega bo‘lgan nazorat-kassa mashinalarini qo‘llagan holda amalga oshiriladi.
Markazlar to‘lovlarni bank plastik kartochkalari orqali qabul qiluvchi hisob-kitob terminallari bilan ta’minlangan bo‘lishlari lozim.
Markazlar ko‘mir sotishdan tushgan tushumni uch bank kunidan kechiktirmasdan vositachilik shartnomasida belgilangan vositachilik haqi summasini ushlab qolgan holda «O’zbekko‘mir» OAJning hisob-raqamiga o‘tkazib berishlari lozim.
Mazkur Nizom «O’zbekenergo» DAK Boshqaruv raisi B.Teshabayev va «O’zbekko‘mir» OAJ Bosh direktori M.Qosimov bilan kelishilgan
Nizom 2012 yil 4 oktabrdan kuchga kiradi.
Nomi: «O’zbekko‘mir» OAJning hududiy distribyutorlik markazlari orqali sotiladigan ko‘mirning chakana narxini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom
Qabul qilgan organlar: O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda O’zbekiston Respublikasi monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasi
Qabul qilgan rahbarlar: Moliya vaziri R.Azimov, Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi v. b. U. Turdiyev
Qabul qilingan sana: 2012-yil 12-sentabr
Kuchga kirish sanasi: 2012-yil 4-oktabr
Saqlab olish: