Yangi hujjatlar

Saylov qonunchiligiga o’zgartirish kiritilmoqda

Oliy Majlis binosi © gov.uz
Xozirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to’g’risida”gi qonunga o’zgartirish kiritish loyihasi muhokama qilinmoqda. Unga ko’ra qonun loyihasida quyidagi asosiy qoidalar takomillashtirilishi nazarda tutilmoqda:


1. Shunday yangi norma kiritilmoqdaki, unga ko‘ra «Ovoz berish kuniga qadar uch kun ichida, shuningdek, ovoz berish kuni jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov natijalari taxminlarini, o‘tkazilayotgan saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni chop etishga (e’lon qilishga), shuningdek, ularni umumiy foydalanishdagi axborot-telekommunikatsiya tarmoqlariga (shu jumladan, Internetga) joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi».

Bunday normaning kiritilishi saylovchilarning huquqlarini yanada yaxshiroq himoya qilishga, u yoki bu nomzodga nisbatan noxolis, yanglish munosabatni hamda saylovga oid qonun hujjatlarining buzilishi ehtimolini istisno etishga imkon beradi.
2. Hali sud hukmi chiqarilmagan, tergov jarayonlari davom etayotgan, vaktinchalik qamoqda saqlash joylarida yoki jinoyatchilikda gumondor, deb topilgan fuqarolarni saqlab turish joylarida ham saylov uchastkalarini tashkil etish imkoniyatini yaratish nazarda tutilmoqda. Ushbu normaning joriy etilishi qamoqda saqlash joylarida bo‘lgan fuqarolarning saylov huquqlarini amalga oshirishni yanada ko‘proq ta’minlash imkonini beradi.
3. Saylov kuni va saylov boshlanishidan bir kun oldin saylovoldi tashviqotiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanmoqda. Taklif etilayotgan norma saylovchilarga o‘z nuqtai nazarlarini aniqlashtirib olish, qaysi siyosiy yo‘lni ma’qul deb topib, kim uchun va qaysi siyosiy partiya uchun ovoz berish to‘g‘risidagi masala yuzasidan ongli qaror qabul qilish uchun qo‘shimcha vaqt berish maqsadida kiritilmoqda.

4. Muddatidan oldin ovoz berishning muddatlari, tartibi va tartib-taomillari belgilab qo‘yilmoqda.

Amaldagi normaga binoan saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi uchastka saylov komissiyasidan saylov varaqasini talab qilib olish va qaror qabul qilib, ushbu qarorini yopiq konvertda qoldirish huquqiga ega. Biroq ushbu normada muddatidan oldin ovoz berishning muddatlari, shuningdek, butun tartib-taomili nazarda tutilmagan edi. Shu munosabat bilan qonun loyihasida quyidagi qoidalarni belgilash taklif etilmoqda:
— muddatidan oldin ovoz berish saylovdan 10 kun avval boshlanadi va saylovga bir kun qolganida tugatiladi;
— muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti okrug saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va saylovchilar, kuzatuvchilar, OAV vakillarining e’tiboriga yetkaziladi;
— muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish uchun saylovchining arizasi talab etiladi (unda saylovchining saylov kunida bo‘la olmasligi sabablari ko‘rsatilgan bo‘ladi);
— saylov varaqasi uchastka saylov komissiyasi a’zolarining kamida 2 nafari ishtirokida beriladi;
— saylov varaqasi konvertga solinib, muhr bilan hamda komissiya a’zolaridan 2 nafarining va saylovchining imzolari bilan tasdiqlanadi.
Taklif etilayotgan ushbu normada muddatidan oldin ovoz berish tartibi batafsil belgilangan va u mazkur tartib-taomilning ochiq-oydinligini ta’minlash imkonini beradi.
5. “Saylovoldi tashviqoti” tushunchasining mohiyati ochib berilib, saylov jarayonida uning bir xilda tushunilishi ta’minlanmoqda.
6. O’zbekiston Ekologik harakatining O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov bo‘yicha O’zbekiston Ekologik harakatining konferentsiyasida ham kuzatuvchilarning ishtirok etishi huquqi berilmokda. Bunday huquqiy mexanizm O’zbekiston Ekologik harakatidan deputatlar saylovining oshkoraligi va ochiq-oydinligini ta’minlash imkoniyatini yaratadi.
7. Saylovoldi tashviqotining samaradorligini oshirish maqsadida saylovoldi tashviqotini olib borish turlari, shakllari va usullari aniq belgilanmoqda.
Saylovoldi tashviqotining quyidagi turlarini: siyosiy partiyaning o‘z deputatlikka nomzodlari uchun ovoz berishga da’vat etuvchi dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni tarqatish hamda deputatlikka nomzod to‘g‘risidagi axborotni uning uchun ovoz berishga da’vat qilgan holda tarqatishni belgilab qo‘yish taklif etilmoqda.
Saylovoldi tashviqotining shakllari sifatida quyidagilarni belgilash taklif etiladi: omma oldida munozaralar, bahslar, matbuot konferentsiyalari, intervyular, so‘zga chiqishlar, saylovchilarning yig‘ilishlari, deputatlikka nomzod, OAVda siyosiy partiya to‘g‘risidagi roliklarni joylashtirish.
Saylovoldi tashviqotining usullari etib quyidagilarni belgilash taklif etilmoqda: ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, televideniyadan foydalanish, bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini chiqarish va tarqatish; saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish.
“Inson va qonun” gazetasi materiallari asosida tayyorlandi.

Мазкур мақола Сизга манзур бўлдими?
  • Ҳа (1)
  • Йўқ (1)
  • Бироз (0)

Фикр билдиринг

yoki
Saytga kirganingizdan so‘ng fikr bildirish imkoniyatiga ega bo‘lasiz
Юқорига