Yangi hujjatlar

Sudyalarga imtiyozli shartlarda uy-joy sotib olishga uzoq muddatli ipoteka kreditlari beriladi

Photo: uzdaily.uz
2012 yil 31 oktyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sudyalarga imtiyozli shartlarda uy-joy sotib olishga uzoq muddatli ipoteka kreditlari berish hamda sudyalarga uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasi to‘lash tartiblari to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqidagi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sud tizimi xodimlarining ijtimoiy muhofazasini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2012 yil 2 avgustdagi PF-4459-son Farmoniga muvofiq qabul qilingan bo‘lib, unda “Sudyalarga imtiyozli shartlarda uy-joy sotib olishga uzoq muddatli ipoteka kreditlari berish tartibi to‘g‘risida”gi hamda “Sudyalarga uy-joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasi to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomlar tasdiqlandi.

“Sudyalarga imtiyozli shartlarda uy-joy sotib olishga uzoq muddatli ipoteka kreditlari berish tartibi to‘g‘risida”gi NIZOMda tijorat banklari tomonidan sudyalarga imtiyozli shartlarda uy-joy sotib olishga uzoq muddatli ipoteka krediti berish tartibi belgilangan.
Ushbu Nizomning amal qilishi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, umumiy yurisdiktsiya sudlari (harbiy sudlardan tashqari) va xo‘jalik sudlari sudyalariga tatbiq etiladi.

Endi Nizomlardagi eng kerakli joylari haqida Sizlarga ma’lumot bersam:

Nizomga ko‘ra, tijorat banki tomonidan beriladigan ipoteka krediti miqdori ipoteka krediti olish uchun buyurtmanoma berilgan kunda respublikada belgilangan eng kam oylik ish haqining 2000 baravaridan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Ipoteka krediti sudyalarga kamida 10 yil muddatga beriladi.

Ipoteka kreditidan foydalanganlik uchun foiz stavkasi O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining kredit komissiyasi (kredit qo‘mitasi) tomonidan ipoteka krediti berish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kunda amalda bo‘lgan qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida belgilanadi.

Tijorat banki tomonidan beriladigan ipoteka krediti miqdori sotib olinadigan yakka tartibdagi uy-joy yoki ko‘p kvartirali uydagi kvartira qiymatining 75 foizidan oshishi mumkin emas.

Sudya tijorat bankidan ipoteka krediti olish uchun sotib olinadigan yakka tartibdagi uy-joy yoki ko‘p kvartirali uydagi kvartira qiymatining kamida 25 foizi miqdoridagi o‘z mablag‘iga ega bo‘lishi kerak.

Ko‘rsatib o‘tilgan mablag‘lar tijorat bankida sudyaning nomiga milliy valyutada ochilgan jamg‘arma hisob raqamida bo‘lishi kerak.

Sotib olinadigan yakka tartibdagi uy-joy yoki ko‘p kvartirali uydagi kvartira qiymatining 25 foizi miqdoridagi dastlabki badal sudyaning hisob raqamiga Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamg‘armasi  mablag‘lari hisobidan o‘tkazilishi mumkin.

Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan dastlabki badalni o‘tkazish uchun sudya ish joyida tegishli ravishda O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi (umumiy yurisdiktsiya sudlari sudyalari) yoki O’zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi raisi nomiga qarz berish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qiladi.
Nizomga ko’ra, agarda sudya barcha zarur hujjatlarni o’z vaqtida taqdim etadigan bo’lsa, kredit berish masalasi 30 kundan oshib ketmasdan hal qilinishi shart.


Sudyalarga uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasi to‘lash tartibi to‘g‘risidagi NIZOMga ko‘ra, doimiy yashash joyidan tashqari mintaqada lavozimga tayinlangan (saylangan) hamda uy-joylar bilan ta’minlanmagan sudyalarga uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasi amaldagi sarf-xarajatlar doirasida (kommunal xizmatlar haqi bundan mustasno), lekin:
Toshkent shahrida – eng kam oylik ish haqining to‘rt baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
Nukus shahrida va viloyatlar markazlarida – eng kam oylik ish haqining uch baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
O’zbekiston Respublikasining boshqa shaharlari va tumanlar markazlarida – eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘lanadi.

Oila a’zolari uch kishi va undan ortiq bo‘lgan taqdirda (sudyaning o‘zini hisoblamagan holda) ushbu pul kompensatsiyasi miqdorlari 50 foizga oshiriladi. Bunda sudyaning tayinlash (saylash) joyiga kelgan oila a’zolari: xotini (eri), ularning bolalari va ota-onalari, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq ijaraga oluvchining oila a’zolari deb e’tirof etilgan boshqa shaxslar hisobga olinadi.

Sudyaga tayinlangan (saylangan) joyida xizmat uy-joy maydoni berilgan taqdirda yoki u uy-joy sotib olganda, uning vakolatlari to‘xtatilganda va tugaganda pul kompensatsiyasi to‘lash to‘xtatiladi.

Tayinlangan (saylangan) joyida ota-onalari yoki eri (xotini)ning ota-onalari uy-joylarida birga yashayotgan sudyalarga pul kompensatsiyasi to‘lanmaydi.

Sudyaga bola ikki yoshga to‘lgungacha uni parvarish qilish uchun ta’til berilgan taqdirda, pul kompensatsiyasi ta’tilning butun davriga, biroq sudya ushbu uy-joyda yashashi sharti bilan, sudya etib tayinlangan (saylangan) muddatdan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi.


Мазкур мақола Сизга манзур бўлдими?
  • Ҳа (2)
  • Йўқ (0)
  • Бироз (0)

Фикр билдиринг

yoki
Saytga kirganingizdan so‘ng fikr bildirish imkoniyatiga ega bo‘lasiz
Юқорига