Yangi hujjatlar

Tungi navbatchilikda qolgan o‘qituvchiga haq to‘lanadimi?

Kun.uz tahririyatiga o‘qituvchi mushtariylardan biri savol yubordi. Unda ta’lim muassasalarida o‘qituvchilarning tungi navbatchilik qilishi to‘g‘risida qonunchiligimizda nima deyilgani, tungi navbatchilikda qolgan o‘qituvchilarning qanday huquqlari borligi haqida so‘ralgan. Ularga haq to‘lanadimi?

Bayramlar arafasida ko‘plab korxona va tashkilotlarda kunduzgi yoki tungi navbatchiliklar tashkil qilish yo‘lga qo‘yilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad jamoat xavfsizligini saqlash, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli ko‘ngilsizliklarning oldini olish, o‘z vaqtida bartaraf etish, shuningdek, bu haqda vakolatli idoralarga tezkorlik bilan xabar berish va h.k.

Shu o‘rinda yuqoridagi pedagog kabi ko‘pchilikda aynan navbatchilik bo‘yicha savollar tug‘iladi. Shunday savollarga qonun doirasida atroflicha javob berishga harakat qilamiz. E’tibor berishingizni istar edik: quyida aks etgan qonun normalari nafaqat o‘qituvchilar, balki barcha xodimlar uchun taalluqlidir.

Navbatchilik ish vaqtidan tashqari ishmi?

Mehnat kodeksining 124-moddasiga ko‘ra, xodim uchun belgilangan kundalik ish (smena) muddatidan tashqari ishlash – ish vaqtidan tashqari ish, deb hisoblanadi. Ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb etishga faqat xodimning roziligi bilangina yo‘l qo‘yiladi.

Ishlab chiqarish zaruriyatiga ko‘ra, xodimlarni tungi navbatchilikka jalb etishni ish vaqtidan tashqari ish, deb hisoblash maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Tunggi navbatchilikka (ish vaqtidan tashqari ishga) jalb etilgan xodimga qanday tartibda haq to‘lanadi?

Mehnat kodeksining 157-moddasiga ko‘ra ish vaqtidan tashqari ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi.

Yana shunday qoida ham borki, xodimning iltimosiga binoan ish vaqtidan tashqari ish uchun belgilangan ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish soatlariga teng keladigan miqdorda otgul berilishi ham mumkin. Ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish uchun boshqa dam olish kuni berilgan taqdirda, bunday ishlar uchun kamida bir hissa miqdorda mehnat haqi to‘lanishi lozim.

Masalan: ta’lim muassasasi pedagog xodimi 28 noyabrdan 29 noyabrga o‘tar kechasi – soat 22-00 dan 6-00 ga qadar navbatchilikda bo‘ldi. Shu xodimning aytaylik 11 dekabr kuni o‘zining asosiy ishi vaqtida oilaviy tadbiri bor. Mana shu holatda xodimning xohishi bilan o‘tagan tungi navbatchiligi vaqti hisobidan 11 dekabr kuni ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etilishi mumkin. Va bu holatda xodimga 28 noyabrdagi tungi navbatchiligi uchun 1 hissa ish haqi to‘lanadi. Agar u otgul olishni istamasa, unda navbatchiligi uchun kamida 2 hissa haq to‘lanishi shart.

Ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb etish mumkin bo‘lmagan holatlar bormi?

Albatta bor.

– o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar (xodimlar);

– ish smenasining muddati o‘n ikki soatdan iborat bo‘lgan xodimlar;

– mehnat sharoiti o‘ta og‘ir va o‘ta zararli ishlarda band xodimlar tungi ishlarga va ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb etish taqiqlanadi.

Navbatchilik turlari va ularga haq to‘lash miqdorlari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

1-variant: ish kunida va ish vaqti davomidagi navbatchilik (masalan, juma kuni soat 09:00 dan 18:00 gacha) – bunda xodimga odatdagi tartibda ish haqi to‘landi;

2-variant: dam olish kunlari (shanba, yakshanba, bayram kunlari) kunduz kundagi navbatchilik – bunda xodimga kamida ikki hissa miqdorda haq to‘lanadi, yoki xodimning xohishiga qarab bir hissa haq va boshqa ish kuni uchun otgul beriladi.

3-variant: ish kuni va dam olish kuni tundagi navbatchilik – bunda ham xodimga kamida ikki hissa miqdorda haq to‘lanadi, yoki xodimning xohishiga qarab bir hissa haq va boshqa ish kuni uchun otgul beriladi.

Ma’lumot uchun: Mehnat kodeksining 122-moddasiga binoan, soat 22-00 dan to soat 6-00 gacha bo‘lgan vaqt tungi vaqt deb hisoblanadi.

Dastlabki manba

Мазкур мақола Сизга манзур бўлдими?
  • Ҳа (54)
  • Йўқ (3)
  • Бироз (1)

Фикр билдиринг

yoki
Saytga kirganingizdan so‘ng fikr bildirish imkoniyatiga ega bo‘lasiz
Юқорига